Tashkil etilishi

Kompaniya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi PF–232-son Farmoni bilan belgilangan yuridik ta'lim va ilm-fanni rivojlantirish vazifalari hamda Toshkent davlat yuridik universiteti Kengashining tegishli qarorlari asosida tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi birinchi yuridik universitet spin-off kompaniyasi hisoblanadi.



Biz haqimizda

TSUL CONSULTING — Toshkent davlat yuridik universiteti huzurida tashkil etilgan Oʻzbekistondagi birinchi yuridik spin-off kompaniyasi boʻlib, ilm-fan, ta'lim va amaliyotni yagona platformada birlashtirgan holda professional yuridik xizmatlarni taqdim etadi.


Kompaniyamiz faoliyati universitetning boy ilmiy salohiyati, professor-oʻqituvchilar tajribasi hamda amaliyotchi mutaxassislar bilimiga tayangan holda tashkil etilgan. Mazkur yondashuv mijozlarga nafaqat amaldagi qonunchilikka mos, balki ilmiy asoslangan va amaliy jihatdan samarali huquqiy yechimlarni taklif etish imkonini beradi.


Biz davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, biznes subyektlari hamda jismoniy shaxslar uchun yuridik konsalting, shartnomalar tayyorlash va ekspertizasi, sud va arbitraj vakilligi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish, korporativ huquq, investitsiya huquqi, mehnat huquqi, soliq va bojxona masalalari, intellektual mulk, mediatsiya hamda boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda kompleks yuridik xizmatlarni ko‘rsatamiz.


Shuningdek, kompaniya yuridik sohada qisqa muddatli o‘quv kurslari, malaka oshirish dasturlari, seminar va treninglar tashkil etish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda huquqiy sohada zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni ham olib boradi.


Har bir loyiha individual yondashuv asosida amalga oshiriladi. Bizning ustuvor maqsadimiz — mijozlar manfaatlarini ishonchli himoya qilish, huquqiy xavflarni kamaytirish hamda uzoq muddatli va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir.


Bizning qadriyatlarimiz

Professionalizm — har bir masalaga chuqur tahlil va yuqori mas'uliyat bilan yondashamiz.
Ishonchlilik — mijozlarimizning manfaatlari va maxfiyligini ustuvor deb bilamiz.
Innovatsion yondashuv — ilmiy salohiyat va zamonaviy huquqiy yechimlarni uyg‘unlashtiramiz.
Sifat kafolati — har bir xizmat yuqori sifat standartlari asosida amalga oshiriladi.
Hamkorlik — uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni qadrlaymiz.

Bizning missiyamiz

Yuridik xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy salohiyatni amaliyotga tatbiq etish hamda jismoniy va yuridik shaxslarni zamonaviy, ishonchli va samarali huquqiy yechimlar bilan ta'minlash.

Bizning maqsadimiz

Oʻzbekistonda ilm-fan, ta'lim va amaliyotni birlashtirgan yetakchi yuridik konsalting kompaniyasiga aylanish hamda xalqaro standartlarga mos professional huquqiy xizmatlarni taqdim etish.